Tog`ay Murod

Tog`ay Murod

Togʻay Murod 1948 yili Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi Xoʻja Soat qishlogʻida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida (1967–1971), Moskvadagi Adabiyot institutida (1985–1987) tahsil oldi. Respublika radiosida (1972–1975), “Oʻzbekiston fizkulturachisi” gazetasi (1976–1978), “Fan va turmush” jurnalida (1982–1984) xizmat qildi.

1976 yili Togʻay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” degan ilk qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, kitobxonlar ogʻziga tushdi. Shundan soʻng birin-ketin “Ot kishnagan oqshom” (1979), “Oydinda yurgan odamlar”(1980), “Momo Yer qoʻshigʻi” (1985) kabi oʻzbek milliy qissachiligining yangi namunalari dunyoga keldi. Ular yuksak baholanib, adib Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor boʻldi.