Abdulla Qodiriy

Abdulla Qodiriy

O’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tug’ildi. «Har holda bemavridroq bo’lsa kerak, kambag’al, bog’bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada ... tug’ilg’onman», deydi u o’z tarjimai holida, — Yoshim to’qqiz-o’nlarga borg’ondan so’ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o’qib, keyingi vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan o’n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. Xo’jayinim o’zi savdogar kishi bo’lub, o’rischa yozuv-chizuv bilaturg’on odamga muhtoj edi. Shu ta’ma bo’lsa kerak, meni o’ris maktabga yubordi... 1912 yilda manfaktur bilan savdo qiluvchi bir kishiga yiliga 50 so’m barobariga prikazchik bo’lub kirdim...Shu miyonalardan bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadirg’on gazetalarni o’qib, dunyoda gazeta degan gap borlig’iga imon keltirdim. 1913 yilda o’zbekcha «Sadoi Turkiston», «Samarqand», «Oina» gazetalari chiqa boshlag’och, menda shularga gap yozib yurish fikri uyg’ondi. 1913 yilda chiqqan «Padarkush» ta’sirida «Baxtsiz kuyov» degan teatr kitobini yozib yuborg’animni o’zim ham payqamay qoldim (1915 yilda). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turg’on hikoya va ro’monlarga taqlidan «Juvonboz» otliq hikoyachani yozib noshir topilmag’onidan, o’zim nashr qilib yubordim. Nikolay taxtdan yiqilg’ondan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko’ngilli bo’lib yozildim.