Shaytanat 2-qism...

Tohir Malik

Janr

Badiiy adabiyotlar
216 bosma sahifalar 2008 Yil

Shaytanat 2-qism


Qalamga xiyonat qilmay yashamog‘imda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatguchi, niyatlarimni amalga oshiruvimda madad berguchi, mendayin ojiz gunohkor quliga vaqtida jazo berib, vaqtida tavbalarimni qabul etib, gunohlarimni kechirguchi, ulug‘ ustozlarga bergan ne’matlardan menga-da nasib etguchi Olloh taborak va taologa shukronalar, hamdu sanolar aytmoq bilan boshlagumdir. Ollohning madadi ila birinchi kitobga so‘nggi nuqta qo‘yganimdan so‘ng xiyla fursat o‘tdi. Asar o‘qig‘uvchiga yetib bordi. Dashnom ham, maqtov ham eshitish nasib bo‘ldi. Bu tabiiy bir hol. Hech bir asar barchaga barobar ma’qul bo‘lmas. Asarning qaeridir bir odamga yoqar, boshqa birovga esa yoqmas. Yozuvchilarning asari ham bir farzand misolidadur. Alhol, farzandingiz birovga xush yoqar, boshqaga esa yoqmas. Tanqidlarni tinglab to‘g‘ri xulosa chiqarishga intildim. Bu xususda mazkur ikkinchi kitobni o‘qib chiqib, tayin bir fikrga kelarsiz.