Abdulla Avloniy

Abdulla Avloniy

Abdulla Avloniy XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobidir.


Toshkentning Mergancha mahallasida toʻquvchi Miravlon aka oilasida tavallud topdi. Avval Oʻqchidagi boshlangʻich maktabda, soʻng shahar madrasalaridan birida tahsil oldi. Biroq koʻproq mustaqil oʻqib-oʻrgandi, tez orada oʻz davrining savodxon, maʼrifatparvar kishisiga aylandi. Avloniy asrimiz boshlarida oʻlkamizda avj olgan jadidchilik harakatining faol ishtirokchisi sifatida millat bolalarini savodli qilish, ulardan yetuk olimlar, mutaxassislar tayyorlash, Vatanni ozod koʻrish, farovon etish yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qildi. Ana shu maqsadda juda koʻp sohalarda faol ish olib bordi. 1907-yilda oʻz uyida «Shuhrat» nomli gazeta nashr qildi. U mahallasida yangi usuldagi maktab ochdi. «Usulijadid» maktablari uchun toʻrt qismdan iborat «Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Maktab gulistoni», «Turkiy guliston yoxud axloq» kabi darslik va oʻqish kitoblari tuzdi.