Tohir Malik

Tohir Malik

Tohir Malik (Tohir Hobilov) 1946 yilning 27 dekabrida ziyoli oilada dunyoga keldi.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakulteti kechki boʻlimida oʻqidi. Qurilishda duradgor, gʻisht teruvchi boʻlib ishladi. Keyinchalik hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida adabiy xodim, boʻlim boshligʻi vazifalarida ishladi (1966).

Harbiy xizmatni oʻtab qaytgach, Respublika radiosida, “Choʻlpon”, Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotlarida, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qildi. 1995 yildan buyon Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida oʻzbek tilidan dars beradi.

Oʻzbek adabiyotida kam eʼtibor berilgan fantastika janriga aynan talabalik yillarida qoʻl urdi; bir qator asarlari kitobxonlar eʼtiborini oʻziga tortdi. “Hikmat afandining oʻlimi” (1972) asari oʻzbek adabiyotida fantastika yoʻnalishidagi birinchi qissa sanaladi. Shu yoʻnalishdagi bir qator hikoyalari, “Falak” (1976), “Zaharli gʻubor” (1978), “Somon yoʻli elchilari” (1979), “Tiriklik suvi” (1984) qissalari, “Devona” romani (1985, dastlab “Chorrahada qolgan odamlar” nomida nashr etilgan), “Qora farishta” (2005) kitobi chop etildi; bu asarlar rus hamda boshqa xorij tillariga tarjima qilindi.

Adib XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilari faoliyatini oʻrganib, Abdulla Avloniy hayoti misolida “Savohil” (1987, avval “Qaldirgʻoch” nomida nashr etilgan) romanini va Mirzakalon Ismoiliy xotirasiga atab “Ozod inson haqida qoʻshiq” (2008) qissasini yozdi. Bu mavzu keyinchalik “Soʻnggi oʻq” (1990), “Ov” (1997) qissalarida davom etdi. “Soʻnggi oʻq” asosida yetti qismli telefilm yaratildi.