shaytanat 3-qism...

Tohir Malik

Janr

Badiiy adabiyotlar
220 bosma sahifalar 2008 Yil

shaytanat 3-qism


Asadbek Hosilboyvachcha taqdirini hal etish rejasini tuzayotgan damlarda Kesakpolvon kutilmagan bir muammoni yechish bilan band edi. Musaffo osmonda ohista suzayotgan uchoq bulutlar toʻdasiga kirib asabiy titray boshlagani kabi, keyingi voqealar uni bir-ikki silkib qoʻygan, bu voqealarni boʻyiga mos farosati bilan qarichlab, shunga yarasha xulosa chiqarib yurganida Chuvrindining yigitlaridan biri kutilmagan masalaga roʻbaroʻ qildi.Shu paytgacha Chuvrindining yigitlari Kesakpolvonga, yoki aksincha, Kesakpolvonning zoʻrlari Chuvrindiga biron-bir masalada murojaat qilishmagan edi. Yozilmagan qonun asosida bunga haqlari yoʻqligini yaxshi bilishardi. Agar Kesakpolvon Chuvrindining yigitiga (yoki aksincha) bir yumush buyurguday boʻlsa ham, bu yigit vazifani ado etishga kirishishdan oldin oʻz hojasini albatta ogoh etardi. Chuvrindi buyurgan ishni bajarmay Kesakpolvonga murojaat etish, aniqrogʻi, buyruqdan boʻyin tovlashni favqulodda holatlar sirasiga kiritish mumkin. Yana ajablanarli tomoni shundaki, shiltasi chiqadigan ishni Chuvrindi Kesakpolvon zimmasiga oshirishga urinardi. Shiltaroq ish rahm-shafqat degan tushuncha bilan murosa qila olmagani sababli Chuvrindida uygʻonib turguvchi bu tuygʻu pand berib qoʻyishi mumkin edi.